NEGA KITOB O‘QIMAYMIZ?

Do‘stim algebra fanidan “2’’ baho oldi. Bu uning birinchi “ikki”si bo‘lgani uchunmi, juda xafa bo‘ldi. Negadir o‘qishga ishtiyoqi susaydi. Do‘stimning holati meni tashvishga soldi. Shu sabab do‘stimga O‘tkir Hoshimovning “Ikki karra ikki – besh” qissasini sovg‘a qildim. Uch kundan so‘ng do‘stim menga: “Rahmat, ajoyib kitob sovg‘a qilibsan. Demak, hamma narsaning iloji, imkoni bor! Faqatgina odam harakat qilsa, yuqoriga intilsa kifoya ekan”, – dedi xursand bo‘lib. Shundan keyin u o‘qishga jon-jahdi bilan kirishib ketdi. Kitob insonga ilm bilan birga umid ham beradi. “Ikki karra ikki – besh” qissasi hajviy tarzda yozilgan bo‘lsa ham, asarning mazmun-mohiyati juda jiddiy, real voqealarga asoslangan. Qissada inson agar harakat qilsa, umid qilsa va doimo yaxshilik tomonida bo‘lsa, albatta, o‘z maqsadiga erishadi degan g‘oya bor.
Tengdoshlarimning ko‘pchiligi kitob o‘qishni yoqtirmaydi. Kutubxonaga yilda o‘n marta kirsa rekord qo‘yishlari mumkin. Shunda ham kitob uchun emas, qalam, daftar olish yoki darsdan qochganda panaroq joy izlash bahonasida kirishadi. Yuqori sinf o‘quvchilari esa kitobni o‘qish tugul, hatto, qo‘liga ham olmaydi. Nima uchun shunday? Buning sabablari ko‘p.
Maktabimiz kutubxonasida kitoblar juda kam, deyarli yo‘q. Ko‘p kitoblar eski rus tilidagi adabiyotlar. Kutubxonaga kirgan o‘quvchi o‘ziga kerakli kitobni yoki ma’lumotni topa olmaydi. Maktab darsliklarida mashhur yozuvchi va shoirlarning hayoti va ijodi bilan tanishamiz. Darslikda roman, qissalarning juda qisqa, eng qiziq joyini berishadi. Maqsad – bolalarni shu asarga qiziqtirish. Masalan, 6,8-sinflar darsligida Said Ahmadning “Ufq’’, “Qorako‘z majnun”, “Jimjitlik”, O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi”, “Nur borki, soya bor”, “Tushda kechgan umrlar”, “Dunyoning ishlari”, Jahon adabiyotidan Lev Tolstoyning “Urush va Tinchlik”, Rashod Nuri Guntekinning “Choliqushi” kabi asarlari bilan tanishamiz. Bu asarlarga maktab o‘quvchilari qiziqadi, asarni to‘liq variantini ham o‘qishni istaydi. Ammo shu kitobni kutubxonadan topolmaydi. O‘quvchi kitoblarni qayerdan topsin?
Menimcha, kitoblarga ham reklama zarur. Har bir maktab kiraverishida yangi nashr etilgan kitoblardan namunalar qo‘yib, ularni qayerdan topish mumkinligi, kitob nima haqida ekanligi haqida qisqacha ma’lumot berilishi kerak.


Aziz Abdumalik, “Jajji akademik“ jurnali muxbiri

ТАҒИН ЎҚИНГ

«Qovoqvoy» nega tarsaki yedi?

Oilaviy mutolaa kechasi

Qo’ng’iroq chalinguncha...