«Qovoqvoy» nega tarsaki yedi?

 


«Qovoqvoy» nega tarsaki yedi?

Sahifamiz mehmoni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, kino va teatr aktyori Abdu­samad JO‘RABOYEV. Po‘lat Mo‘minning «Qovoqvoy va Chanoqvoy» asari asosida sahnalashtirilgan spektakldagi Qovoqvoy roli bilan nafaqat yosh tomoshabinlar, balki kattalarning ham mehrini qozongan sevimli aktyorimizning bolalik xotiralarini birgalikda o‘qiymiz.

Otam Chinoz tumanining Tillaobod qishlog‘ida oddiy mirob (suvchi) edi, juda ko‘p mehnat qilardi, sira tinmasdi. Uning dam olib o‘tirganini hech ko‘rmaganman. U chimni ketmonda bir tekis qilib kesib, qo‘lida ustma-ust taxlab chiqardi. Bo‘sh vaqtimda otamga yordam berardim. Kolxoz rahbari cho‘pni yerga tashlaganda, u yarmigacha yerga kirib ketmasa, otamning tongdan tungacha qilgan mehnatini inobatga olmasdi. Otam shu tariqa bir burda non topardi.

Qishlog‘imizda Ahmad ota degan yoshi ulug‘ bir inson yashardi. Uning katta bog‘i bo‘lib, u yerda har xil mevalar pishib yotardi.

Bir kuni o‘rtoqlarim, «Ahmad otaning bog‘ida o‘tin bor ekan, olib kelamiz», deyishdi. Do‘stlarim bilan birgalashib bog‘ga bordik. Ahmad otaning o‘zi bog‘da yashamas edi. Bog‘ga kirib, so‘rilarning oyoqlarini sindi­rib, maydalab, o‘tin qilib olib chiqib ketdik. Uyga ketyapman-u xayolan otamning, «O‘g‘lim katta yigit bo‘lib, uyga o‘tin olib kelibdi», deb xursand bo‘lishini tasavvur qilib kelyapman.

– O‘tinni qayerdan olding? – deb so‘radi otam.

– Ahmad otaning bog‘idan, u yerda o‘tin juda ko‘p ekan, – dedim sevinchim ichimga sig‘may.

– Qayerdan olgan bo‘lsang, o‘sha yerga olib borib qo‘y, men ertaga o‘zim tekshiraman, – dedi otam jiddiy ohangda. Qishning kuni, bu yoqda onam, qo‘ysangiz-chi, bola-da, tushunmagan, deb yupatishga urinardi. Otam esa:

 – Bu o‘g‘rilikka kiradi. Birovning o‘tinini o‘g‘irlab, uyimni isitmayman! – dedi. Yig‘lab, sovuqda 2-3 km uzoqlikka olib borib, o‘tinlarni tashlab kelganman...

Otam yana yolg‘onchilarni juda yomon ko‘rardi. 2-sinfda o‘qirdim. To‘polonchi, sho‘x bola edim.

Bir kuni o‘qituvchimiz dars paytida to‘polon qilganim uchun yuzimga tarsaki tushirdi. Maktab uyi­mizdan ancha uzoqda edi, uygacha yig‘lab kelganman. Yo‘lda dam olib-dam olib yig‘la­ganman (kuladi). Uyga yaqinlashganda ovozim boricha baqirib, dod-voy qilganman. Ana tomosha!

– O‘g‘lim, nima bo‘ldi? Nimaga yig‘layapsan? – deb so‘ragandi otam yonimga yugurib kelib.

– O‘qituvchimiz urdi, – dedim dodlagancha bor san’atimni ishga solib.

– Obbo, chatoq bo‘libdi-ku, nega uradi? – dedi otam boshini sarak-sarak qilib.

– Darsda to‘polon qilganim uchun urdi, – dedim. Otam bir zum menga qarab turdi-da, qayeringga urdi, deb so‘radi.

– Mana bu yerimga urdi, – deb chap yuzim­ni ko‘rsatganimni bilaman, o‘ng yuzimga ham tarsaki qarsillab tegdi.

– Menga to‘polonchi bola kerak emas, agar yana bir marta dars paytida to‘polon qilga­ningni eshitsam, yomon bo‘ladi, – deganlar. Shundan keyin dars paytida aslo to‘polon qilmaydigan bo‘lganman.

O‘rtoqlarim bilan bahorda varrak uchirardik, yoz kunlari anhorda cho‘milardik, mol boqardik. Onalarimiz och qolishmasin, deb belimizga qiyiq bilan non, sut, pomidor, bodring bog‘lab qo‘yardi. Nonimizni ariqqa oqizib, narigi boshidan tutib olardik-da, shishib, kattalashib ketgan nonlarni mazza qilib yerdik. Ana o‘sha bolaligimda his qilgan ta’mni, mazani shu paytgacha boshqa hech qayerda uchratmadim...

Men onam bergan yarimta nonga qo‘shib badiiy kitoblarni ham belimga tugib olardim. Bir kuni o‘qishga berilib ketibman, sigir yo‘q!.. Uyga yig‘lab borganman. Sigirim adashib ketib qolibdi, uni esa militsiya xodimi topib olib ketibdi. Otam jarima to‘lab olib kelgan. O‘shanda otam onamga, «O‘g‘lingga non berma, bu bola kitobni ham qo‘shib olib ketarkan», deb tayinlagandi. Shundan keyin dadam belimni ushlab, tekshirib ko‘rib, sigir bilan dalaga jo‘natadigan bo‘ldi. Kitob o‘qish jon-u dilim edi, hech kim bilmasin, deb kitobni belimga emas, oyog‘imga boylab olib dalaga chiqib ketardim...

Yosh tomoshabinlar orasida meni mashhur qilgan rolim hech shubhasiz, Qovoqvoy. Hattoki ko‘cha-ko‘yda, bozorlarda bolalar qo‘li bilan meni ko‘rsatib: «Voy, ana Qovoqvoy», «Oyi, dada, Qovoqvoy ketyapti», deganlarini eshitib qolaman va bundan juda quvonaman. Bosh qahramonlardan biri Qovoqvoy timsolida muallif dangasalik va beg‘amlik oqibatida darslarni o‘zlashtira olmay, sinfda qoluvchi lapashang va po‘k bolaning sarguzashtlarini ochib beradi. Do‘stlari ta’sirida Qovoqvoy asta-sekin o‘zgara boradi, ilg‘orlar qatoriga qo‘shilib, a’lochi, mehnatsevar bolaga aylanadi.

Bolaligimni juda sog‘inaman. Mehrli odamlar, hamma xushmuomala, go‘yoki shahzodalik davrim edi. Bolalik – poshsholik davri-da. Sababi, otamiz bor, onamiz bor. Bolalikdan yiroqqa ketolmayman. Sakkizta nabiram bor. Ular bilan gaplashishni, o‘ynashni yaxshi ko‘raman. Ular bilan o‘ynab, suhbatlashib yana ijod qilgim, Qovoqvoy-u, Chanoqvoyga o‘xshagan yangi-yangi obrazlar yaratgim kelaveradi.

 

Azizbek Abdumalik suhbatlashdi.




ТАҒИН ЎҚИНГ

Oilaviy mutolaa kechasi

Qo’ng’iroq chalinguncha...