Abdullajonning onasi

O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbek milliy akademik drama teatri aktrisasi To‘tixon Yusupovani barchamiz yaxshi taniymiz va juda yaxshi ko‘ramiz. Ayniqsa, ular ijro etgan «Kelinlar qo‘zg‘oloni» komediyasidagi Sotti yoki «Abdullajon» kinofilmidagi Xolida obrazlari tomoshabinlar yodida muhrlanib qolgan.

Jajji bloger

200 ga yaqin spektakl, 100 dan ortiq film, 500 ga yaqin videofilmda suratga tushgan To‘ti Yusupova teatr va kinodagi unutilmas rollari orqali katta-yu kichikning mehrini qozongan. 

Bu serqirra san’atkor bilan suhbatlashish asnosida uning bolaligi, o‘smirlik damlari qanday kechganligi bilan qiziqdim:

– Onam, ya’ni Ismatoy ayaning aytishlaricha, bahor oqshomlarining birida dunyoga kelgan ekanman. Oila­miz ulug‘i – Ro‘ziqul buvam menga to‘tidek sayrab tinmasin, g‘am ko‘rmay, doim sihat-salomat yursin, so‘za­mol qiz bo‘lsin, deya yaxshi niyatda To‘tixon deb ism qo‘ygan ekan. Akam ikki yoki uch yoshida vafot etgan. Akamdan keyin men to‘ng‘ich farzand bo‘lganim bois singlim va ukam Abduqahhorni tarbiyalaganman. O‘n besh jon bir qozondan ovqat yerdik. 

Kuz payti edi. Tashqarida yomg‘ir savalab yog‘ib turibdi. Hammamiz vokzalga chiqdik. Otam ustiga jigarrang shinel kiyib olgan. Men taxminan besh yoshlarda edim, orqamda bir tutam sochim bor edi. O‘sha paytlarda ana shunday kokil qo‘yilib, soch to‘yi yoki muchal to‘yi qilib, keyin soch olinar edi. Otamning yuz tuzilishlarini xayolan ko‘z oldimga keltirishga urinsam, bilasizmi, qo‘shiqchi G‘iyos Boytoyevga o‘xshataman. Otamning ham xuddi unikidek mo‘ylovi bor edi, ko‘zlari chuqur joylashgan, sochlari ham xuddi unikidek edi...

Bolaligimda ko‘zlarim javdirab otamga qarab turardim. Bir kuni otam meni dast ko‘tarib, og‘zimga tuflab qo‘ydi. O‘sha payt bola ekanman, hech narsaga tushunmagandim. Keyin bilsam, bolam menga ichikmasin, degan niyatda shunday qilgan ekanlar. Otam poyezdga o‘tirib jo‘nadilar, biz esa qo‘l siltab qolaverdik. Oradan bir muddat o‘tib otamdan qoraxat kelganda, ularni aslida borsa kelmas manzilga kuzatganimizni angladim. Otamdan keyin ro‘zg‘or tashvishi onamning yelkasiga tushdi. Kechani kecha, kunduzni kunduz demay mehnat qilar edilar. Faolliklari bois brigadir bo‘lib ishlaganlar. Kechasi bilan suv talashib, ertalabgacha yerlarni sug‘orib, ekinlardan mo‘l hosil olar edilar. Men esa ularning ortidan qolmay, kuchim yetgancha ko‘maklashardim. Uyquni xushlamasdim, kech yotsam ham barvaqt uyg‘onib olardim. Buvajonim, sen tushmagur tong yulduzisan, derdilar.

Bolaligimdan chevarlikka juda qiziqqanman. Bitta qiyiqchani bir kechada bitirmay turib, uyquga yotmasdim. Tancha ustida chiroqni yoqib, ishimni tugatmaguncha o‘tiraverardim. Yo‘qchilik, qahatchilik zamoni edi, buvam chiroqning kerosinini tugatasan, deb koyirdilar. Lekin ba’zida maqtab ham qo‘yardilar. Xolalarimning tikkan choklarini ko‘rib, ha, qo‘ling sinmagurlar, senlarning chokingni qara-yu, mushtdek qiz To‘tining tikishiga boq, choki toza va silliq, derdilar. Tayyor ishlarimni uyimizga kelgan mehmonlarga, to‘y boshlab qo‘ygan qo‘ni-qo‘shnilarga hadya qilardim. Agar taqdir taqozosi bilan aktrisa bo‘lmaganimda, albatta, chevarlik hunarini kasb qilib olardim. Shukur, mana hozir to‘kin-sochinlik, dasturxonimiz shirmoy nonga to‘la. U paytlarda bug‘doyni tegirmondan chiqarib, o‘zimiz tandirda qo‘lbola non yopardik. O‘sha paytlarda odamlarning bir tishlam nonga zor bo‘lib, kunjara yeganlariga ham guvoh bo‘lganmiz... 

Azbaroyi soddaligimdan dam olish kunlari ham maktabga borib, voy, hech kim yo‘q ekan, deb uyga qaytib kelar ekanman. 1944–1945-yillarda ikki sinfni bir yilda tamomlaganman. Ertalab 3-sinfda, tushdan keyin 4-sinfda o‘qiganman. A’lochi, bilimga chanqoq, bidir-bidir qiz bo‘lganimdan ustozim voy, bu zukko qizdan qutulmaymiz, uni 4-sinfga qabul qilish kerak, deganlari hamon yodimda. Darsda o‘qituvchim aytgan gaplarning hammasi xotiramda saqlanib qolar, keyingi darsda oqizmay-tomizmay gapirib berar edim. Darsda javob berish uchun ko‘taraverganimdan qo‘llarim og‘rib ketar edi. O‘qituvchim ko‘rmay qolsa, o‘rnimdan turib «men-men»lab qo‘l ko‘taraverardim. 

Bir kuni 6-sinfda o‘qib yurgan kezlarim ustozimiz:

– Bitta savol beraman, kim to‘g‘ri javob bersa, besh baho qo‘yaman. Qo‘llarimni bir-biriga ishqalasam nima bo‘ladi? – deb so‘radilar. O‘rnimdan turib, ustoz, kir chiqadi-da, deganman. To‘g‘ri-da, o‘sha paytlari bolaligimizga borib tuproq o‘ynar edik, qo‘llari­mizni bir-biriga ishqalasak, rosa kir chiqar edi. Bu savolga sinfdoshim Iskandar:

– Issiqlik chiqadi, ustoz, – deya to‘g‘ri javob berib, besh baho olgandi. Hozirjavobligim uchun menga to‘rt baho qo‘ygan edilar. Iskandar katta professor bo‘lib yetishgan. Sharoit og‘irligi, ayniqsa, qishning izg‘i­rinli kunlari ust-bosh, oyoq kiyim yetishmasligi sababli ko‘p qizlar yetti yillik ta’lim bilan kifoyalanib qolishgan. Onam otamning: – Shu qizim katta odam bo‘ladi, zehni juda o‘tkir, o‘qitgin, – degan gaplariga amal qilib, meni Samarqanddagi xotin-qizlar bilim yurtiga olib bordilar. 

Ustozlarim haqida gapiradigan bo‘lsam, men teatr sahnasida Shukur Burhonov bilan ishlashni yoqtirardim. Chunki u insonda qat’iyatlilik, tabiiylik, o‘ziga xos g‘urur, shuning barobarida od­diylik mujassam edi. Shukur aka bilan ishlash juda zavqli edi. Men ular bilan bir sahnada «Qiyomat qarz» spektaklida u kishining ayoli rolida o‘ynadim. Olim Xo‘jayev, Sora Eshonto‘rayeva bilan rol ijro etish ham juda maroqli edi.

Ha, aziz nevaralarim, bolalik shunday qaytmas damlardir. Unda kechmish voqealarni yodga olmak esa siz-u bizni bugungi kunlarning shukronasini tuyushga o‘rgatadi.


Suhbatdosh:

Azizbek Abdumalik

«Tong yulduzi» gazetasi 2021 - yil 12-iyul soni





ТАҒИН ЎҚИНГ

«Qovoqvoy» nega tarsaki yedi?

Oilaviy mutolaa kechasi

Qo’ng’iroq chalinguncha...